Moyak buralishi nima?
Moyak urugʻ tizimchasiga osilib turadi. Bu tizimcha ichidan moyakni oziqlantiruvchi arteriya va venalar oʻtadi. Baʼzi bolalarda moyak yorgʻoqda yetarlicha mahkam birikmagan boʻladi va oʻz oʻqi atrofida aylanib ketishi mumkin. Tizimcha buralganda qon aylanishi toʻxtaydi. Bu holat moyak buralishi (moyak torsiyasi) deyiladi.
Bu bolalar urologiyasidagi eng shoshilinch holat. Qon aylanishi tiklanmasa, bir necha soat ichida moyak toʻqimasi qaytmas darajada zararlana boshlaydi.
Kimda uchraydi?
- koʻpincha 12–18 yoshli oʻsmirlarda, ayniqsa uyquda yoki jismoniy mashqdan keyin,
- chaqaloqlarda (baʼzan hali ona qornidaligida),
- tushmagan moyakda xavf yuqoriroq.
Belgilari
- toʻsatdan boshlangan kuchli moyak ogʻrigʻi, koʻpincha bir tomonda,
- ogʻriq chovga va qorinning pastki qismiga tarqalishi mumkin,
- koʻngil aynishi va qusish,
- moyak shishadi, qizaradi, yuqoriga tortiladi, baʼzan koʻndalang joylashadi,
- oʻsmirlar uyalganidan baʼzan faqat “qorin ogʻrigʻidan” shikoyat qiladi.
Quyidagilardan birortasi bormi?
- ogʻriq toʻsatdan boshlangan va kuchli, uyqudan uygʻotgan
- koʻngil aynishi, qusish
- moyak yuqoriga tortilgan, shishgan yoki qizargan
- chaqaloqda yorgʻoq qattiq, koʻkimtir va shishgan (ogʻriq boʻlmasligi ham mumkin)
Darhol eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga
Qoʻngʻiroq qilib javob kutmang, ogʻriq qoldiruvchi dori berib ertalabni kutmang. Bu moyak buralishi boʻlishi mumkin.
Moyakni saqlab qolish ehtimoli (taxminan)
Ogʻriq sekin boshlangan yoki kuchsiz
Oʻsha kuniyoq bolalar urologiga koʻrsating. Moyak gidatidasining (appendix testis) buralishi va epididimit ham shunday boshlanishi mumkin, ularni buralishdan faqat koʻrik ajratib beradi.
Ogʻriq oʻzi oʻtib ketdimi?
Ogʻriq oʻtgan boʻlsa ham, oʻsha kuniyoq oʻgʻlingizni bolalar urologiga koʻrsating yoki shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga olib boring. Moyak buralib, oʻzi yechilib ketishi mumkin, keyingi safar esa yechilmasligi mumkin. Ogʻriq qaytsa yoki shish boʻlsa, darhol shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring. Keyingi operatsiya muddatini koʻrikdan soʻng shifokor belgilaydi.
Nega vaqt hal qiluvchi?
Moyakni saqlab qolish imkoni dastlabki soatlarda eng yuqori. Tadqiqotlardagi taxminiy natijalar:
| Ogʻriq boshlangandan beri oʻtgan vaqt | Moyakni saqlab qolish ehtimoli (taxminan) |
|---|---|
| 6 soatgacha | taxminan 97% |
| 7–12 soat | taxminan 79% |
| 13–24 soat | taxminan 54% (43–61%) |
| 24–48 soat | taxminan 24% |
| 48 soatdan ortiq | taxminan 7% |
Bu raqamlar kafolat emas: natijaga buralish darajasi ham taʼsir qiladi, 6 soat esa kutib turish uchun berilgan vaqt emas. Ogʻriq boshlanishi bilan darhol tez yordamga murojaat qiling; 6 soat oʻtishini kutmang.
Shuning uchun toʻsatdan moyak ogʻrigʻi boshlanganda uyda kutib oʻtirish, ogʻriq qoldiruvchi dori berib ertalabni kutish mumkin emas.
Tashxis
Tashxis asosan koʻrik orqali qoʻyiladi. Dopplerografiya bilan UTT moyakdagi qon oqimini koʻrsatadi va foydali, lekin shubha yuqori boʻlsa, UTTga vaqt yoʻqotmasdan operatsiyaga oʻtiladi.
Shunga oʻxshash belgilar gidatida buralishida va epididimitda ham boʻladi. Ularni bir-biridan ajratish shifokorning ishi, shuning uchun har qanday toʻsatdan boshlangan moyak ogʻrigʻida shoshilinch murojaat qilish kerak.
Davolash
Shoshilinch operatsiya: yorgʻoq ochiladi, urugʻ tizimchasining buralishi yechiladi, moyakning rangi va qon aylanishi baholanadi.
- Qon aylanishi tiklanib, moyak hayotiyligini saqlagan boʻlsa, u yorgʻoqqa tikib mahkamlanadi (orxiopeksiya).
- Qon aylanishi tiklanmasa va moyak toʻqimasi hayotiyligini yoʻqotgan boʻlsa, moyak olib tashlanadi.
- Ikkala holatda ham ikkinchi moyak ham tikib mahkamlanadi, chunki shu anatomik moyillik koʻpincha ikkala tomonda boʻladi.
Operatsiyaga tayyorgarlik koʻrilayotganda shifokor shoshilinch yordam boʻlimida moyakni qoʻl bilan aylantirib ochishga urinishi mumkin. Bu operatsiyaning oʻrnini bosmaydi va uni kechiktirmasligi kerak.
Yangi tugʻilgan chaqaloqda buralish
Moyak tugʻilishdan oldin yoki hayotning birinchi kunlarida ham buralishi mumkin. Buralish tugʻilgandan keyin boshlansa (chaqaloqning yorgʻogʻi toʻsatdan shishsa yoki rangi oʻzgarsa), bu shoshilinch holat: bolani darhol shifoxonaga olib boring. Buralish ona qornidaligida yuz bergan boʻlsa, operatsiya vaqtini koʻrik natijalari belgilaydi; bunda erta, lekin shoshilinch boʻlmagan operatsiya bilan tekshirish va ikkinchi moyakni ham yorgʻoqqa tikib mahkamlash tavsiya etiladi, chunki keyinchalik qarama-qarshi tomonda ham buralish yuz berishi mumkin.
Gidatida buralishi
Moyakning yuqori qutbida kichik rudiment toʻqima, moyak gidatidasi (appendix testis) bor. Uning buralishi 7–12 yoshli bolalarda oʻtkir moyak ogʻrigʻining eng koʻp uchraydigan sababidir. Ogʻriq odatda sekinroq boshlanadi, baʼzan moyakning yuqori qismida teri orqali koʻkimtir nuqta koʻrinadi. Bu holat operatsiyasiz, tinch rejim va ogʻriq qoldiruvchi dori bilan bir necha kunda oʻtib ketadi. Lekin uni moyak buralishidan ajratish uchun koʻrik shart.
Qachon zudlik bilan murojaat qilish kerak?
Quyidagilardan biri boʻlsa, navbatdagi qabulni kutmang va shifokordan javob kutib vaqt yoʻqotmang: darhol 103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling yoki eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring.
- Moyakda toʻsatdan kuchli ogʻriq, ayniqsa uyqudan uygʻotgan ogʻriq
- Ogʻriq bilan birga koʻngil aynishi va qusish
- Moyak yuqoriga tortilgan, shishgan, qizargan
- Oʻsmir oʻgʻil bolada qorinning pastki qismida yoki chovda sababsiz ogʻriq (moyakni ham koʻzdan kechiring)
- Chaqaloqda yorgʻoq qattiq, koʻkimtir va shishgan
Pediatr va oilaviy shifokor uchun eslatma
Oʻtkir yorgʻoqda buralish istisno qilinmaguncha shoshilinch urolog konsultatsiyasi zarur. Klinik shubha yuqori boʻlsa, dopplerografiya bilan UTT operatsiyani kechiktirmasligi kerak; normal doppler natijasi buralishni toʻliq istisno qilmaydi. Triajda TWIST shkalasi foydali. Ogʻriq boshlangandan beri oʻtgan vaqt moyakni saqlab qolish ehtimolini belgilovchi asosiy omildir. Qorin ogʻrigʻi bilan kelgan oʻsmirlarda yorgʻoq albatta koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
Qabulda nima qilinadi?
- Buralishga shubha boʻlgan bola navbatsiz koʻrikdan oʻtkaziladi, kerak boʻlsa dopplerografiya bilan UTT qilinadi.
- Shubha yuqori boʻlsa, UTTni kutmasdan operatsiyaga olinadi.
- Operatsiyada buralish yechiladi; qon aylanishi tiklansa, shu moyak ham, ikkinchi moyak ham yorgʻoqqa mahkamlanadi va buralish qaytalanishining oldi olinadi.
Koʻp beriladigan savollar
Ogʻriq oʻtib ketdi. Baribir shifokorga borish kerakmi?
Ha, oʻsha kuniyoq. Baʼzan moyak buralib, oʻzi yechilib ketadi va ogʻriq oʻtadi, lekin bu xavf oʻtib ketganini bildirmaydi: buralish qaytalanishi mumkin. Ogʻriq yana boshlansa, darhol shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring. Operatsiya kerakmi va qachon, buni koʻrikdan keyin shifokor hal qiladi.
Operatsiyadan keyin oʻgʻlim kelajakda ota boʻla oladimi?
Moyak saqlab qolingan boʻlsa, odatda ha. Moyak yoʻqotilgan taqdirda ham, qolgan bitta sogʻlom moyak odatda yetarlicha gormon va sperma ishlab chiqaradi.
Mavzuga oid
- Epididimit va orxit Moyak va moyak ortigʻining (epididim) yalligʻlanishi Kasallik
- Gidrotsele Moyak istisqosi, yorgʻoqda suyuqlik Kasallik
- Chov churrasi Ingvinal churra, chovda boʻrtma Kasallik
- Tushmagan moyak Kriptorxizm, yorgʻoqda boʻlmagan moyak Kasallik
- Moyak oʻsmasi Moyakda tugun, moyak hosilasi Kasallik
- Jinsiy aʼzolar shikastlanishi Yorgʻoqqa zarba, zamok shikastlanishi, oraliqqa yiqilish Kasallik
- Oʻtkir yorgʻoq (oʻtkir skrotum): moyak buralishi va unga oʻxshash holatlar Shifokorlar uchun
Manbalar
- EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2026: Acute scrotum.
- Mellick LB et al. A systematic review of testicle survival time after a torsion event. Pediatr Emerg Care, 2019.
- Barbosa JA et al. Development and initial validation of a scoring system to diagnose testicular torsion in children (TWIST). J Urol, 2013.
Ushbu sahifa maʼlumot berish maqsadida tayyorlangan. Bolangizni davolash haqidagi qaror koʻrikdan soʻng shifokor bilan birgalikda qabul qilinadi.
Yangilangan: