MKDB nima?
Multikistoz displastik buyrak ona qornida buyrakning notoʻgʻri rivojlanishidir. Buyrakning normal toʻqimasi oʻrniga turli oʻlchamdagi, bir-biri bilan bogʻlanmagan koʻplab kistalar hosil boʻladi. Bunday buyrak siydik hosil qilmaydi, yaʼni funksiyasi yoʻq.
Bu holat taxminan har 3000–4000 tugʻruqdan birida uchraydi va odatda bir tomonlama boʻladi. Koʻpincha homiladorlikning ikkinchi yarmida homilaning UTTsida aniqlanadi.
Homiladorlikda aniqlangan boʻlsa
Homiladorlikning 11–14 va 17–22-haftalarida skrining UTT tavsiya etiladi, MKDB koʻpincha shu yoki keyingi tekshiruvlarda koʻrinadi. Bunday holatda eng muhim savol: ikkinchi buyrak sogʻlommi va qogʻonoq suvi (amniotik suyuqlik) miqdori qanday. Ikkinchi buyrak sogʻlom va qogʻonoq suvi normal boʻlsa, ona qornida hech qanday aralashuv kerak emas va tugʻruq usuli odatda oʻzgarmaydi. Qoʻshimcha topilmalar boʻlsa (ikkinchi buyrakdagi oʻzgarish, qogʻonoq suvining kamayishi, boshqa anomaliyalar), reja perinatolog, genetik, bolalar urologi, nefrolog va neonatologdan iborat jamoa bilan birga tuziladi.
Tugʻilgandan keyin sogʻlom buyrak amalda yagona ishlaydigan buyrak boʻlgani uchun birinchi UTT kechiktirilmaydi; aniq vaqtini shifokor belgilaydi.
MKDB irsiy polikistoz buyrak kasalligi bilan bir xil emas. Polikistoz kasallikda ikkala buyrak ham zararlanadi va kasallik boshqacha kechadi.
Gidronefrozdan qanday farq qiladi?
UTTda MKDB baʼzan ogʻir gidronefrozga oʻxshaydi. Gidronefrozda kengaygan kosachalar odatda buyrak jomi bilan tutashadi va buyrak toʻqimasi (baʼzan yupqalashgan) koʻrinadi. MKDBda esa kistalar bir-biri bilan tutashmaydi va normal buyrak toʻqimasi koʻrinmaydi. Baʼzan ularni farqlash uchun qoʻshimcha tekshiruvlar kerak boʻladi: masalan, DMSA sintigrafiya buyrak funksiyasi yoʻqligini tasdiqlaydi.
Kechishi
Kistali buyrak koʻpincha bola oʻsgan sari kichrayadi. Bolalarning taxminan yarmida 5 yoshgacha UTTda deyarli koʻrinmay qoladi. Sogʻlom buyrak esa odatda meʼyordan biroz kattalashib, ishni yolgʻiz oʻzi bajaradi.
Ilgari kistali buyrakda Wilms oʻsmasi (bolalarda uchraydigan buyrak oʻsmasi) xavfi haqida xavotir boʻlgan. 26 ta tadqiqotni birlashtirgan tizimli sharhda 1041 boladan birortasida ham Wilms oʻsmasi rivojlanmagan va uni erta aniqlash uchun maxsus UTT kuzatuv sxemasining foydasi haqida dalil topilmagan. EAU 2026 tavsiyalari bu masalada alohida tavsiya bermaydi.
Davolash va kuzatuv
Koʻpchilik bolalarga hech qanday operatsiya kerak emas. Asosiy vazifa sogʻlom buyrakni asrashdir:
- birinchi yilda va keyin vaqti-vaqti bilan UTT: sogʻlom buyrakning oʻsishi va kistali buyrakning kichrayishi kuzatiladi,
- qarama-qarshi buyrakda kengayish boʻlsa, reflyuks yoki torayishni istisno qilish uchun qoʻshimcha tekshiruv,
- katta boʻlgach, vaqti-vaqti bilan arterial bosim va siydik tahlili (oqsil),
- isitma chiqqanda siydik tahlili.
Kistali buyrakni olib tashlash faqat buyrak juda kattalashib, nafas olish yoki ovqatlanishga xalaqit bersa, ogʻriq, infeksiya yoki yuqori qon bosimi paydo boʻlsa muhokama qilinadi. Bunday hollarda operatsiya odatda laparoskopik usulda bajariladi.
Pediatr va oilaviy shifokor uchun eslatma
MKDB bor bolalarning taxminan toʻrtdan birida qarama-qarshi buyrakda anomaliya (reflyuks, PUS torayishi) uchraydi, shuning uchun qarama-qarshi buyrak UTTda sinchiklab baholanishi kerak. Qarama-qarshi buyrak va siydik pufagi UTTda normal boʻlsa va isitmali SYI boʻlmagan boʻlsa, muntazam MSUG kerak emas. Uzoq muddatli kuzatuvda arterial bosim va siydikdagi oqsil vaqti-vaqti bilan tekshirilishi kerak.
Qabulda nima qilinadi?
- UTT yordamida kistali buyrak va, eng muhimi, qarama-qarshi buyrakning oʻlchami va tuzilishi baholanadi.
- Tashxis shubhali boʻlsa, DMSA yoki MAG3/DTPA bilan kistali buyrakning funksiyasi yoʻqligi tasdiqlanadi.
- Kuzatuv jadvali va yagona buyrak bilan yashash boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Koʻp beriladigan savollar
Bola bitta buyrak bilan normal yashay oladimi?
Ha. Sogʻlom buyrak odatda kattalashib, ikki buyrakning ishini bajaradi. Bola normal oʻsadi, sport bilan shugʻullanadi. Faqat arterial bosimni va siydik tahlilini vaqti-vaqti bilan tekshirtirib turish kerak.
Kistali buyrakni olib tashlash kerak emasmi?
Koʻp hollarda yoʻq. Buyrak odatda oʻzi kichrayadi. Olib tashlash faqat buyrak juda katta boʻlib, atrofni siqsa, ogʻriq, infeksiya yoki yuqori qon bosimi boʻlsa koʻrib chiqiladi.
Mavzuga oid
- Gidronefroz Buyrak jomining kengayishi (pieloektaziya), buyrakda suv yigʻilishi Kasallik
- Pieloureteral segment torayishi Buyrak jomi bilan siydik nayi orasidagi torayish, PUS obstruksiyasi Kasallik
- Vezikoureteral reflyuks Pufak-siydik nayi reflyuksi, VUR Kasallik
- Buyrak va siydik pufagi UTTsi Ultratovush tekshiruvi, exografiya, UZI Tekshiruv
- DMSA sintigrafiya Statik buyrak sintigrafiyasi Tekshiruv
- Yagona ishlovchi buyrak Bitta buyrak, bitta buyrak bilan tugʻilish Kasallik
- Vilms oʻsmasi Nefroblastoma, bolalarda buyrak oʻsmasi Kasallik
- Prenatal maslahat Tugʻilishdan oldin bolalar urologi bilan maslahat, antenatal maslahat Kasallik
- Obstruktiv uropatiyalar va antenatal gidronefroz Shifokorlar uchun
Manbalar
- EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2026.
- EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2026: Foetal urology.
- Scala C et al. Diagnostic accuracy of midtrimester antenatal ultrasound for multicystic dysplastic kidneys. Ultrasound Obstet Gynecol, 2017.
- Narchi H. Risk of Wilms' tumour with multicystic kidney disease: a systematic review. Arch Dis Child, 2005.
Ushbu sahifa maʼlumot berish maqsadida tayyorlangan. Bolangizni davolash haqidagi qaror koʻrikdan soʻng shifokor bilan birgalikda qabul qilinadi.
Yangilangan: