---
title: "Gipospadiya va DSD: shifokorlar uchun | Bolalar urologiyasi"
description: "Bolalar urologiyasi darsi: chaqaloqda gipospadiyani aniqlash, xatna taqiqi, DSDning xavfli belgilari, adrenal kriz xavfi va operatsiya muddati."
lang: uz
url: https://bolalarurologiyasi.com/shifokorlar-uchun/gipospadiya-va-dsd/
---

# Gipospadiya va jins shakllanishi farqlari (DSD)

Chaqaloqda gipospadiyani aniqlash, DSD belgilarini oʻtkazib yubormaslik va bolani oʻz vaqtida bolalar urologi va endokrinologga yuborish.

Muallif: [Dr. Parviz Hojiyev](/shifokor/), bolalar urologi (FEAPU).

Bolalar urologlari, urologlar, bolalar jarrohlari, pediatrlar va rezidentlar uchun 11 qadam ~15 daq

Mundarija

1.  Maqsadlar
    1.  [Ushbu mavzuni oʻrganganingizdan soʻng](#addim-1)
2.  Asoslar
    1.  [Raqamlarda gipospadiya](#addim-2)
    2.  [Klinik manzara va tasnif](#addim-3)
    3.  [Gipospadiya va DSD bogʻliqligi](#addim-4)
3.  Diagnostika
    1.  [Chaqaloqni koʻrikdan oʻtkazish](#addim-5)
    2.  [DSD gumonida shoshilinch tekshiruv](#addim-6)
    3.  [Ota-ona bilan suhbat](#addim-7)
4.  Davolash
    1.  [Operatsiya muddati va turlari](#addim-8)
    2.  [Asoratlar](#addim-9)
    3.  [Uzoq muddatli kuzatuv](#addim-10)
5.  [Test](#addim-11)

Qadam **1** / 11

Maqsadlar

## Ushbu mavzuni oʻrganganingizdan soʻng

-   Chaqaloqda gipospadiya belgilari va shakllarini aniqlash.
-   Gipospadiyali bolaga nima uchun xatna qilinmasligini tushuntirish.
-   Gipospadiyaning qaysi holatlarida DSD boʻyicha tekshiruv kerakligini bilish.
-   Adrenogenital sindrom (buyrak usti bezi poʻstlogʻining tugʻma disfunksiyasi) gumon qilinganda shoshilinch choralarni bilish.
-   Operatsiya muddati, turlari va mumkin boʻlgan asoratlarini ota-onaga tushuntirish.

Amaliy maslahat

Asosiy xulosa: gipospadiyali bolaga xatna qilinmaydi. Gipospadiya bir yoki ikki tomonlama tushmagan moyak bilan birga uchrasa, bu DSD gumonidir va tekshiruv tugʻruqxonadayoq boshlanishi kerak.

Asoslar

## Raqamlarda gipospadiya

-   **~19/10 000** tugʻilgan oʻgʻil bolalarda (Yevropa)
-   **~70%** distal shakllar
-   **6–18 oy** operatsiya uchun optimal yosh
-   **<10%** distal TIP operatsiyasidan keyin asoratlar (EAU)

Gipospadiya siydik chiqarish kanali (uretra) ventral tomonining, gʻovaksimon tananing (corpus spongiosum) va kertmakning (sunnat terisining) toʻliq rivojlanmasligidir. Siydik chiqarish teshigi jinsiy olatning pastki yuzasida, meʼyoriy joyidan pastroqda ochiladi.

Xavf omillari: oilada gipospadiya, tugʻilishdagi kam vazn va homila ichi rivojlanishining kechikishi, yordamchi reproduktiv texnologiyalar, homiladorlik davrida onaga baʼzi gormonal taʼsirlar.

Asoslar

## Klinik manzara va tasnif

Tipik triada:

1.  Siydik chiqarish teshigining ektopik, ventral joylashuvi.
2.  Kertmakning faqat dorsal tomonda boʻlishi (“qalpoqcha” koʻrinishi, “tugʻma xatna qilingan” jinsiy olat).
3.  Ventral qiyshiqlik (xorda), ayniqsa ereksiya vaqtida.

Shakl

Meatus joylashuvi

Xususiyati

Distal

Boshcha, toj egati, tananing distal qismi

Eng koʻp uchraydi, odatda bir bosqichli operatsiya

Oʻrta

Jinsiy olat tanasining oʻrtasi

Qiyshiqlik boʻlishi mumkin

Proksimal

Tananing proksimal qismi, penoskrotal, yorgʻoq, oraliq (perineal)

Kuchli qiyshiqlik, ikkiga boʻlingan yorgʻoq, tushmagan moyak, DSD xavfi

Amaliy maslahat

Baʼzan kertmak toʻliq shakllangan boʻladi va gipospadiya faqat xatna vaqtida aniqlanadi (kertmak butun boʻlgan megameatus varianti). Bunday topilmada xatna toʻxtatiladi va bolani bolalar urologi koʻrishi kerak.

Asoslar

## Gipospadiya va DSD bogʻliqligi

Distal, izolyatsiyalangan gipospadiyada DSD ehtimoli past va muntazam genetik hamda gormonal tekshiruv kerak emas. Proksimal gipospadiyada, ayniqsa tushmagan moyak bilan birga boʻlsa, DSD ehtimoli ancha yuqori.

**DSDning xavfli belgilari:**

-   Proksimal gipospadiya bilan bir yoki ikki tomonlama tushmagan moyak.
-   Ikki tomonlama paypaslanmaydigan moyak (oʻgʻil bolaga oʻxshagan bolada).
-   Mikropenis, ikkiga boʻlingan yorgʻoq, penoskrotal transpozitsiya bilan birga uchragan gipospadiya.
-   Qiz bolaga oʻxshagan bolada klitoromegaliya, jinsiy lablarning orqa bitishmasi, chovda yoki jinsiy labda hosila.
-   Antenatal kariotip bilan tashqi jinsiy aʼzolarning mos kelmasligi.
-   Oilada DSD, chaqaloq oʻlimi yoki buyrak usti bezi yetishmovchiligi.

Diagnostika

## Chaqaloqni koʻrikdan oʻtkazish

-   Meatusning joylashuvi va oʻlchami, kertmak shakli.
-   Choʻzilgan holatda jinsiy olat uzunligi va qiyshiqligi.
-   Moyaklar har ikki tomonda paypaslanadimi, ularning oʻlchami.
-   Yorgʻoq tuzilishi: ikkiga boʻlingan yorgʻoq, penoskrotal transpozitsiya.
-   Chov churrasi, boshqa tugʻma nuqsonlar.

Agar gipospadiya distal boʻlsa va ikkala moyak yorgʻoqda boʻlsa: ota-onaga maʼlumot beriladi, bola hayotining birinchi oylarida rejali ravishda bolalar urologiga yuboriladi. Muntazam UTT, kariotip va gormon tahlillari kerak emas.

Diqqat

Gipospadiya bilan birga ikkala moyak ham paypaslanmasa, bu adrenogenital sindrom tufayli virilizatsiyaga uchragan 46,XX qiz bola boʻlishi mumkin. Tuz yoʻqotuvchi adrenal kriz odatda hayotning 1–3-haftasida boshlanadi va oʻlim bilan tugashi mumkin.

Diagnostika

## DSD gumonida shoshilinch tekshiruv

1.  Jinsni belgilashga shoshilmang. Ota-onaga jins tekshiruvlardan keyin aniqlanishini ehtiyotkorlik bilan tushuntiring.
2.  Kariotip va imkon boʻlsa, SRY uchun tezkor genetik test.
3.  17-OH progesteron (tugʻilgandan 36–48 soat oʻtgach, ertaroq olingan natija soxta yuqori boʻlishi mumkin). Adrenal kriz gumoni yoki klinik ahvol yomonlashganda baholash va shoshilinch davolash bu muddatni ham, tahlil natijasini ham kutmaydi.
4.  Natriy, kaliy va glyukoza: birinchi haftalarda takroran.
5.  Kichik chanoq va buyrak usti bezlari UTTsi: bachadon va jinsiy bezlarni (gonadalarni) izlash.
6.  Endokrinolog, bolalar urologi, genetik va psixologdan iborat jamoa tomonidan baholash.

Amaliy maslahat

Giponatriyemiya, giperkaliyemiya, qayt qilish, vazn yoʻqotish va gipoglikemiya tuz yoʻqotuvchi krizning belgilaridir. Bunday bola shoshilinch statsionar davolashni talab qiladi.

Diagnostika

## Ota-ona bilan suhbat

-   Izolyatsiyalangan distal gipospadiya tuzatiladigan nuqson boʻlib, odatda bolaning umumiy sogʻligʻiga taʼsir qilmaydi; proksimal shakllar va qoʻshimcha belgilar qoʻshimcha baholashni talab qilishi mumkin.
-   Distal shakllarda koʻpchilik bolalarda bitta operatsiya bilan yaxshi funksional va kosmetik natijaga erishiladi.
-   Operatsiyaning maqsadi: tekis jinsiy olat, boshcha uchida joylashgan meatus, tik turib tekis oqim bilan siyish va kelajakda normal jinsiy hayot.
-   Xatna qildirmang: kertmak tiklash operatsiyasi uchun kerak.

Davolash

## Operatsiya muddati va turlari

Operatsiya odatda **6–18 oylikda** rejalashtiriladi; aniq vaqt bolaning holati va jarrohlik rejasiga qarab tanlanadi.

Holat

Tipik yondashuv

Distal va oʻrta gipospadiya, yengil qiyshiqlik

Bir bosqichli uretroplastika (masalan, TIP/Snodgrass)

Proksimal gipospadiya, kuchli qiyshiqlik (teri mobilizatsiyasidan keyin ~30° dan ortiq)

Koʻpincha ikki bosqichli operatsiya (6 oy oraliq bilan)

Kichik boshcha

Tanlangan holatlarda operatsiyadan oldin qisqa testosteron kursi

Operatsiyadan keyin 5–10 kun kateter yoki stent qoldiriladi. Bola koʻpincha oʻsha kuni yoki ertasi kuni statsionardan chiqariladi.

Davolash

## Asoratlar

Asorat

Belgi

Uretra-teri oqmasi (fistula)

Siyish vaqtida siydik ikkinchi teshikdan ham chiqadi

Meatostenoz

Ingichka oqim, kuchanish, uzoq siyish

Uretra strikturasi

Sust oqim, qoldiq siydik, infeksiya

Divertikul

Siyishdan keyin jinsiy olat ostida boʻrtish, tomchilab turish

Boshcha choklarining ajralishi (degissensiya)

Meatus yana pastda koʻrinadi

Qoldiq qiyshiqlik

Erektsiya vaqtida qiyshiqlik

Distal shakllarda birinchi operatsiyaning muvaffaqiyati 85–90%; distal TIP uretroplastikasidan keyin asoratlar 10%dan kam, boshqa usullar va qayta operatsiyalar natijalari farq qilishi mumkin (raqamlar operatsiya usuli, muvaffaqiyat qanday aniqlanishi va kuzatuv muddatiga bogʻliq); proksimal shakllarda asoratlar ancha koʻp uchraydi (14–68%, EAU). Baʼzi asoratlar cheklangan qoʻshimcha aralashuv bilan, boshqalari esa murakkabroq yoki bosqichli operatsiya bilan tuzatiladi; muddat asorat turi va toʻqimalar holatiga qarab tanlanadi, odatda dastlabki operatsiyadan kamida 6 oy oʻtgach, toʻqimalar bitgandan keyin. Siydik oqimining buzilishi esa kutmasdan baholanadi.

Diqqat

Operatsiyadan keyin sust oqim, kuchanish yoki takroriy infeksiya uretra strikturasidan darak berishi mumkin; bolani bolalar urologi koʻrishi kerak.

Davolash

## Uzoq muddatli kuzatuv

-   Hojatxonaga oʻrgatishdan oldin va keyin oqim xarakteri kuzatiladi, zarur boʻlsa urofloumetriya qilinadi.
-   Asoratlar yillar oʻtib, ayniqsa balogʻat davrida jinsiy olat oʻsganda yuzaga chiqishi mumkin, shuning uchun kuzatuv imkon qadar balogʻat davrida ham davom ettiriladi.
-   Proksimal gipospadiya boʻyicha operatsiya qilingan oʻsmirlar bilan jinsiy funksiya, fertillik va psixososial holat muhokama qilinadi.

Amaliy maslahat

Pediatrning roli: chaqaloqda gipospadiyani aniqlash, xatnaning oldini olish, moyaklarni tekshirish, DSDning xavfli belgilarida shoshilinch tekshiruvni boshlash va bolani oʻz vaqtida yuborish.

Test

## Test: Gipospadiya va DSD

Oʻzingizni sinab koʻring: bitta javobni tanlang.

1.  Chaqaloqda meatus toj egatida, kertmak faqat yuqori tomonda, ikkala moyak yorgʻoqda. Nima qilish kerak?
    
    Bu izolyatsiyalangan distal gipospadiya. Muntazam genetik, gormonal tekshiruv va vizualizatsiya kerak emas, xatna qilinmaydi, bola rejali ravishda yuboriladi.
    
2.  Chaqaloqda penoskrotal gipospadiya va ikki tomonlama paypaslanmaydigan moyak bor. Eng xavfli ehtimol qaysi?
    
    Bu birikma DSDning xavfli belgisidir. Eng xavflisi adrenogenital sindrom: tuz yoʻqotuvchi kriz birinchi haftalarda hayot uchun xavf tugʻdiradi. Kariotip, 17-OH progesteron va elektrolitlar shoshilinch kerak.
    
3.  Gipospadiya operatsiyasi uchun eng maqbul yosh qaysi?
    
    Operatsiya odatda 6–18 oylikda rejalashtiriladi; aniq vaqt bolaning holati va jarrohlik rejasiga qarab tanlanadi.
    
4.  Gipospadiya operatsiyasidan 6 oy oʻtgach, bola siyganda siydik jinsiy olatning pastki yuzasidagi ikkinchi teshikdan ham chiqmoqda. Bu nima?
    
    Siydikning ikkinchi teshikdan chiqishi uretra-teri oqmasidir. Odatda dastlabki operatsiyadan kamida 6 oy oʻtgach, toʻqimalar bitgandan keyin, qoʻshimcha operatsiya bilan yopiladi.
    
5.  Ahvoli barqaror chaqaloqda 17-OH progesteron tahlili uchun qon qachon olinishi kerak?
    
    Tugʻilgandan keyingi dastlabki soatlarda 17-OH progesteron fiziologik ravishda yuqori boʻlib, soxta musbat natija berishi mumkin, shuning uchun holati barqaror chaqaloqda namuna tugʻilgandan 36–48 soat keyin olinadi. Elektrolitlar esa birinchi haftalarda takroran tekshiriladi. Adrenal kriz gumonida davolash bu muddatni kutmaydi.
    

Mavzu yakunlandi

[Barcha mavzular](/shifokorlar-uchun/)[Bolalar urologiga yoʻllash mezonlari](/shifokorlar-uchun/yollanma-mezonlari/)

## Bogʻliq mavzular

-   [Kriptorxizm: tushmagan moyak](/shifokorlar-uchun/kriptorxizm/)
-   [Kertmak (sunnat terisi): fimoz, balanopostit va xatna](/shifokorlar-uchun/kertmak/)

## Mavzu boʻyicha ota-onalar uchun maqolalar

-   [Gipospadiya](/kasalliklar/gipospadiya/)
-   [Gipospadiya operatsiyasi](/operatsiyalar/gipospadiya-operatsiyasi/)
-   [Tushmagan moyak](/kasalliklar/tushmagan-moyak/)
-   [Mikropenis](/kasalliklar/mikropenis/)
-   [Jinsiy olat qiyshiqligi](/kasalliklar/jinsiy-olat-qiyshiqligi/)
-   [Jins shakllanishi farqlari](/kasalliklar/jinsiy-rivojlanish-farqlari/)

## Manbalar

1.  [EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2026: Hypospadias; Disorders of sex development.](https://uroweb.org/guidelines/paediatric-urology/chapter/hypospadias)
2.  [Lee PA, Nordenström A, Houk CP, et al. Global disorders of sex development update since 2006: perceptions, approach and care. Horm Res Paediatr. 2016;85(3):158–180.](https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/26820577/)
3.  Snodgrass W, Bush N. Hypospadias. In: Campbell-Walsh-Wein Urology, 12th ed. 2020.

Material tibbiyot mutaxassislari uchun moʻljallangan va amaldagi klinik tavsiyalarga asoslangan. Muayyan bemor boʻyicha qarorni davolovchi shifokor qabul qiladi.

Yangilangan: 2026-yil 4-noyabr

---
Maʼlumot ota-onalar va hamkasblar uchun, u shifokor koʻrigining oʻrnini bosmaydi. Shoshilinch holatda 103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling.
